MAMLAKATIMIZDA 2023 YILDA AHOLINI RO`YXATGA OLISh TADBIRI O`TKAZILADI

Image_tadbir: 

   O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi «O`zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 710-sonli qaroriga muvofiq, respublikamizda 2023 yilda aholini ro`yxatga olish tadbiri o`tkazilishi belgilangan.
   

     Bunday katta tadbir Respublikamizda oxirgi marta 30 yil avval amalga oshirilgan bo`lib, buning natijasida aholining haqiqiy hayot tarzini o`rganish va ularga amaliy yordam ko`rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga kelmoqda.
BMT 2015 yilning 10 iyunida «2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro`yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar» rezolyusiyasini qabul qildi. Unga ko`ra, BMTga a’zo davlatlar kamida har 10 yilda bir marta aholi va uy-joy fondini ro`yxatga olishni o`tkazishi belgilab qo`yildi. Bugungi kunga kelib, MDH davlatlarida, shuningdek O`zbekistonda ham bu jarayonga tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Aholini ro`yxatga olish jarayoni uch bosqichni qamrab oladi. 
   

     Birinchisi - tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Bunda, aholini ro`yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo`yicha aholi o`rtasida targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro`yxatga olish bilan bog`liq hujjatlar, jumladan, ro`yxatga olish varaqalari, ro`yxatga olishni tashkil etish va o`tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
 

     Ikkinchisi - asosiy bosqich 10 kundan 60 kungacha davrni o`z ichiga olib, bevosita aholini ro`yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to`g`risidagi ma’lumotlar yig`iladi, nazorat tekshiruvi o`tkaziladi va ro`yxatga olish materiallari topshiriladi.
Uchinchi-bosqichda aholini ro`yxatga olishga doir birlamchi ma’lumotlarni qayta ishlash bo`yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi, olingan ma’lumotlar avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanib, avtomatlashtirilgan dasturlarga kiritish uchun kodlanadi, nazorat va tahrir qilinadi, aholini ro`yxatga olish bo`yicha dastlabki natijalar olinib, olingan natijalar e’lon qilinadi va tarqatiladi. Mazkur bosqich 2 yildan 3 yilgacha bo`lgan davrda amalga oshiriladi.
   

     O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi 710-sonli qaroriga muvofiq, mamlakatimizda aholini ro`yxatga olish 2023 yil 1-25 noyabr kunlari o`tkazilishi belgilab berilgan.
Ro`yxatga olish jarayonida har bir ro`yxatga oluvchiga aholi punktining xaritasidan kelib chiqqan holda 350-450 kishidan, borishi qiyin bo`lgan va olis hududlarda aholining soni o`rtacha 250 nafardan taqsimot qilib beriladi. Ro`yxatga oluvchi 12 kun muddat ichida belgilangan aholini tasdiqlangan shakllar asosida uyma-uy yurgan holda ro`yxatga olib chiqadi.

    Olingan ma’lumotlarning sir saqlanishi kafolatlanadi. To`ldirilayotgan shakllarda har bir shaxs to`g`risidagi ma’lumotlardan tashqari, turar joyning xususiyatlari, ya’ni yashash joyida mavjud qulayliklar, shu jumladan sanitariya-gigienik sharoitlar, uy xo`jaligi a’zolari tomonidan uzoq vaqt mobaynida foydalaniladigan vositalar bilan ta’minlanganligi to`g`risidagi ma’lumotlar ham kiritiladi.
    Aholini ro`yxatga olishda birinchidan, aholi soni to`g`risidagi aniq ma’lumotga ega bo`lamiz, ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy ko`rsatkichlar, demografik holat, aholining jinsi, yoshi, millati bo`yicha ma’lumotlarni olamiz. Ushbu ko`rsatkichlar iqtisodiy rivojlanish dasturlarini belgilashda debocha bo`lib xizmat qiladi.
Hozirgi paytda dunyoning deyarli barcha davlatlarida aholini ro`yxatga olish ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonni muvaffaqiyatli va to`laqonli bajarish bilan birgalikda Respublikamizning har bir hududi bo`yicha yagona axborot bazasi yaratiladi.

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15