Respublika ishchi guruhning Samarqand viloyatidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda

Manzilli oʻrganishlar davomida aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa yoʻnalishlardagi muammolarga yuzma-yuz chiqilmoqda.

 

Shu jumladan, viloyat markazidan olis hisoblangan Urgutning «Savgʻon» mahallasida joylashgan 65–umumtaʼlim maktabida oʻquvchilar taʼlim olishlari uchun ikki smenda oʻqish tashkil etilgan boʻlsada sinfxonalari yetishmasligi maʼlum boʻldi. Mahalla nuroniysi Qamariddin otaning aytishicha, ushbu maktabga ikkita qishloq yoshlari qariyb 2-3 chaqirim masofadan piyoda qatnashga majbur boʻlmoqdalar. Masʼullar tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda, ushbu masalaga yechim topishga kelishib oldilar.

 

Shundan soʻng mazkur mahallada joylashgan «Pavloniya Eko sifat» fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu plantatsiyaning umumiy maydoni 48 gektarni tashkil etib, 150 ming tup pavloniya daraxtlari ekilgan. Parvarish qilinayotgan daraxt koʻchatlari yurtimizning ekologik holatini yanada yaxshilash, qurilish va mebel jihozlarini yasash maqsadida yetishtirilmoqda. Bu yerda 20 nafar ishchilar muqim ish bilan taʼminlangan. Ishchi guruhi fermer xoʻjaligi ishchi va xizmatchilari bilan muloqot qilib, ularning muammo va takliflarini oʻrgandi.

 

Keyingi manzil, tumanidagi “SHIRIN DAY CARE” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻldi. Ushbu bogʻcha 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, maskanda bolalar 6 ta guruhga boʻlingan holda mashgʻulotlarni oʻtkazishadi. Bolajonlarga sportning taekvando turi va ingliz tili boʻyicha mutaxassislar tomonidan doimiy ravishda mashgʻulotlar oʻtkazilib boriladi. Ishchi guruhi aʼzolari ushbu dargohning tarbiyachilari hamda oʻquvchilari bilan samimiy muloqot qilishdi. Bugun biz taʼlimni oʻzgartirsak, ertaga taʼlim hayotimizni oʻzgartiradi degan tamoyilda ish olib borish kerakligi taʼkidlandi.

 

Ishchi guruhi Urgut tumaniga tashrifi doirasida “Dehqonobod” mahallasida mahalliy oʻgʻitdan biogaz ishlab chiqarish texnologiyasi bilan ham tanishib, mazkur texnologiyani yanada ommalashtirishga, hududlarda ular koʻlamini kengaytirishga oʻz taklif va tavsiyalarini berishdi.

 

“Dehqonobod” mahallasidagi ijtimoiy yordamga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi fuqarolarga ularning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida qoʻy, parranda, quyon, asalarilar tarqatildi va shu bilan birga turli asbob uskunalar ham taqdim etildi.

Urgutning «Nisbot» mahallasida joylashgan «Maxmadjon Nurafshon» xususiy korxonasi faoliyati ham ishchi guruhi eʼtiboridan chetda qolmadi. Korxona dorivor oʻsimliklardan yogʻ ishlab chiqarish va quritish bilan shugʻullanadi. Bugun ushbu korxonada 25 nafar ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Shundan soʻng, ishchi guruhi vakillari tumanining “Sariqtepa” mahallasida joylashgan 48-umumtaʼlim maktabida boʻlib, bu yerda tashkil etilgan 5 muhim tashabbus doirasida mehnat yarmarkasi bilan tanishishdi. Tashkillashtirilgan tadbirlar asnosida madaniy-maʼrifiy jarayonlar va sport mashgʻulotlari ham oʻtkazildi. Bu taʼlim dargohida hozirda 44 nafar pedagog xodimlar 646 nafar oʻquvchiga ilm-maʼrifat sirlarini oʻrgatmoqda.

 

Urgut tumani oʻzining iqtisodiy salohiyati, ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat viloyatda, balki respublikamizda ham yetakchi oʻrinni egallaydi. Ishchi guruhining navbatdagi manzili Urgut erkin iqtisodiy zonasida joylashgan gaz plitalari, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlovchi pechlar ishlab chiqaruvchi “Ideal” zavodi boʻldi. Ishchi guruhi shuningdek, oʻzbek-tojik doʻstlik ramzi sifatida qurilgan “Mergancha” mahallasidagi 154-umumtaʼlim maktabida ham boʻlishdi. 158 nafar oʻquvchilar tahsil olayotgan ushbu taʼlim dargohida oʻquvchilarning kitobxonligi va toʻgaraklardagi ishtiroki ularning yaxshi natijalarga erishayotgani eʼtiborga sazovor. Respublika ishchi guruhi aʼzolari tomonidan ushbu maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmalari taqdim etildi.

 

Urgutning “Oʻramas” mahallasida joylashgan «Sam Ferri» xususiy korxonasida 300 nafar ishchilar faoliyat olib boradi. Bu maskanda keksa nuroniy otaxonlar, tuman faollari va keng jamoatchilik vakillari ishchi guruhi aʼzolarini samimiy kutib olishdi. Ular bilan oʻtkazilgan qizgʻin muloqot va dildan suhbatlar mahalla va tuman aholisiga qulaylik yaratish borasidagi qator takliflar muhokamasi ustida boʻldi.

IIV Axborot xizmati

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15