Yarashtirilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod etish - qonunchiligimizdagi yangi institut hisoblanadi  

Yarashganlik munosabati bilan jazodan ozod qilish amaliyoti 2001 yilda jinoyat kodeksiga 66/1-modda sifatida kiritilgan edi. Bu institut amaliyotda oʻzini oqladi va bugungi kunda ham samarali foydalanib kelinmoqda. Yarashganlik instituti joriy qilinishi tufayli juda koʻp fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi va ozod qilinmoqda. Shu bilan birga bilib-bilmay jinoyat sodir qilgan fuqarolar qonunchilikdagi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, qilmishidan pushaymon boʻlib, oʻzaro yarashib, toʻgʻri xulosa chiqarmoqda.

 

Sud statistikasi maʼlumotlari hamda yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, jinoyat qonunchiligiga ushbu institutning kiritilishi jinoiy huquqiy munosabatlarni erkinlashtirishda samarali vosita boʻldi. Mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, respublikada sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qoʻllanilishiga imkon yaratdi.

 

Yarashuv instituti jinoiy javobgarlikdan ozod qilish turi sifatida shaxsning aybdorligi masalasini hal etmay turib jinoyat ishlarini tugatish uchun asos boʻladi. Sinovdan ijobiy oʻtgan mazkur amaliyot endilikda maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlarga qoʻllanilmoqda.

 

2021 yilning 30 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi qonun maʼqullandi.

 

«Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida»gi OʻRQ-720-sonli qonun 2021 yil 4 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi. Mazkur qonunga asosan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 212-modda bilan toʻldirildi. Bu modda yarashtirilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish deb nomlanadi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda qayd etilgan jami 12 ta modda yarashuv institutiga tushishi qayd etildi.

 

Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 40-moddasida (tuhmat), 41-moddasida (haqorat qilish), 45-moddasida (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 46-moddasida (fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etish),

 

46/1-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 52-moddasida (yengil tan jarohati yetkazish), 61/2-moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va shunga oʻxshash maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Ilgari taraflar yarashgan, oʻzaro kelishgan, zararlar qoplanib, oʻrtada adovat qolmagan holatlarda ham sud maʼmuriy jazoga tortishga majbur edi.

 

 

 

Farhod Xudayberdiyev,

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Urgut

 

tuman sudining raisi

 

 

 

Akmal Axmadov,

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Urgut

 

tuman sudining sudyasi

 

 

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15