“KAMARDON“ MAHALLASINING TARIXINI BILASIZMI?

 

 

 

Mahalla nomini paydo boʻlishida haqida ikki xil taxminlar bor.....

Milodning IV-VI asrlariga xos boʻlgan Oʻrta Osiyo shaharsozlik madaniyati talablari asosida bunyod etilgan Oʻrkent yaʼni-balandlikdagi shahar deb eʼtirof etilgan  Urgut shahri  tarixi bilan Kamardon mahallasi tarixi uzviy bogʻliqdir. Mahalla nomini paydo boʻlishida ikki xil taxminlar bor. Birinchi taxminga koʻra Kamardon soʻzi fors-tojik tilidagi Kamar-tikan gul, don-joy yaʼni tikan guli bor boʻlgan joy degan maʼnoni anglatgan.

     Ikkinchi taxminda esa Kamardon aslida Goximardon edi. Gox-joy, maydon soʻzini mardon-jasur mard askar sipohiy yigitlar tushunchasini anglatgan. Gomardon soʻzi xam til taraqqiyoti natijasida Komardon keyinchalik esa Kamardon sifatida talaffuz etila boshlangan. Kamardon soʻzining tarixiy rivojlanishi ushbu mahalla shak shubhasiz ming yillik tarixga ega ekanligi, shu nomli mahallaning tarixiy jugʻrofiy oʻrni esa ikkinchi toponimik taxmin toʻgʻri ekanligini isbotlaydi.

      Hozirgi kunda tashqi shaharni oʻrab turgan devorning sharqiy qismini bir necha yuz metrga choʻzilgan sunʼiy tepalik sifatida kuzatish mumkin. Sharqiy devor toʻpxona tepaligi yaqinida joylashgan “Shoquli” aslida “Shox yoʻli” deb atalgan maskandan boshlanib, Kamardon mahallasining tarixiy bir qismi boʻlgan Kalangar mahallasi hududida S.Raximov koʻchasi kesishuvida tugaydi. Boshqa tarixiy shaharlarda boʻlgani kabi Urgutda xam shahar devorlari yonida bozor maydoni joylashgan edi. Bozor oʻsha davrlarda savdo-sotiq ishlari olib boriladigan  joy boʻlishidan tashqari, muhim axborot va yangiliklarni ommaga yetkazadigan, turli madaniyatlar uchrashadigan maskan boʻlgan. Kamardondagi shaharning asosiy darvozasi yaqinida askar sipohiylar joylashgan boʻlib, ularning asosiy vazifalari  Urgutdan uzoq boʻlmagan buyuk ipak yoʻlidagi asosiy shaharlardan biri Samarqandda notinch holat yuzaga kelganda sergak turib vaziyatdan doimo ogoh boʻlish, shaharni yovdan himoya qilish boʻlgan. Chunki, Urgut xam buyuk ipak yoʻli rivojlangan davrda asosiy savdo markazlaridan biri boʻlgan. Samarqandda beqaror vaziyat yuzaga kelganda sfsavdo-sotiq ishlari mustahkam qalʼa devorlari bilan oʻrab olingan, baland ark minoralarga ega boʻlgan Urgutga koʻchirilgan. Turli din vakillaridan boʻlgan savdogarlar shu yerdan panoh topishgan. Urgut qoʻrgʻonining bunday strategik ahamiyati bir necha asrlar davomida Samarqandga savdo karvonlarining toʻxtovsiz kelib turishi, bu yerda savdo-sotiqning gullab yashnashi uchun kafolat vazifasini bajargan.

 

       Buyuk bobokalonimiz Zaxiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” da 1496-1497-yil voqealarini qayd eta turib, shunday yozadilar: Buyuk davlat arbobi bobokalonimiz Bobur Samarqandda ogʻir vaziyatda qilgan vaqtlarida Urgutga kelib panoh topganliklari, bu yerda kuch madad toʻplab yana Samarqandga otlanganliklari Samarqand uchun Urgutning strategik ahamiyatini yana bir bor isbotlab beradi.

      Kamardon mahallasi shaharning shimoliy qismida joylashgan boʻlib, kun botar tomonidan Urgut soy oqib oʻtardi, kun chiqar tomonidan Kalonjar (hozirda Kalangar) deb ataladigan ulkan jarlik bor edi. Ushbu geografik joylashuv askarlarga gʻarb tomondagi Urgutsoy boʻylab oʻtgan yoʻldan kelayotgan mehmonlarni kuzatish imkoniyatini bersa, sharq tomondagi katta jarlikdan turib podshohlar va zodagon kishilarning farzandi tarbiyasi hamda tabiblik bilan shugʻullanadigan joriyalar qoʻrgʻonidan (hozirgi Jayratepa) Shox yoʻli orqali kelayotgan yoʻlovchilarni yoki Hazrati Gʻavs va Xoʻja Amon mozorlaridan oʻtib, Hazrat Xoja Abu Tolib sarmastning chinorlar ekilgan, bir tegirmon toshi suv beradigan bulogʻi boʻlgan fayz osor mazorlarini ziyorat qilishga intilgan ziyoratchilarni nazorat qilish uchun qulay joy edi.

 

      Urgut bozorida choy, turli qimmatbaho matolar, zargarlik mahsulotlari, attorlik mollari keltirilgan. Mol bozori, somon bozori kabi bozorlar Kamardon hududida boʻlgan ekan. Mahalla hududi qadimgi davrda xam suv bilan yaxshi taʼminlangan. Bu yerda askar va sipohiylarning ravotlari xam boʻlgan. Oʻsha davrda ravotlarga yoz va kuz fasllarida koʻchib borilgan va ziroatchilik, bogʻdorlik bilan shugʻullangan. Buyuk ipak yoʻlidagi savdo markazlari oʻzining tarixiy ahamiyatini yoʻqotishi poytaxt Samarqanddan Buxoroga koʻchirilishi oqibatida Urgut oʻzining strategik ahamiyatini boy berib qoʻyadi. Kamardondagi Jahon bozori hududiy bozorga aylanib qoladi. Shunga karamasdan Kamardon Urgutning madaniy markazi sifatidagi ahamiyatini yoʻqotmaydi.

      Kamardon hududida 1955-yilga kelib, Yuqori Kalangar mahallasi tashkil topadi. Bu yerda birinchi yangi maktab, kinoteatr, dam olish maskanlari ochilgan. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik qon-qoniga singib ketgan mahalla aholisi katta qiyinchiliklar va toʻsiqlarga uchraydi. Mahalla aholisi qolaversa butun Urgutliklar saʼy harakatlari tufayli Urgutda Kamardon mahallasi hududida savdogar bozori baʼzan pinhona, baʼzan oshkora faoliyat yuritib kelgan.

      Hozirgi kunda Kardamon mahallasida mavjud 707 ta xonadonda 1366 oila, 5178 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Kamardon mahallasi Yuqori Kalangar, Pastki Kalangar, Chagʻizmon, Navroʻz va Doʻstlik mahallalari bilan chegaradosh. Maydoni 3355 kv.m ni tashkil etadi.

     Mahallada, 1965-yildan 1975-yilgacha Yazdonov Xasan, 1975-yildan 2000-yilgacha Nizomov Aslam, 2000-yildan 2005-yilgacha Qoʻysunov Murodullo, 2005-yildan 2011-yilgacha Shomurodov Abdumalik, 2011-yildan 2016-yilgacha Axmedov Akbarlar mahallaning jonkuyar raislari sifatida faoliyat yuritishgan.

Tuman hokimining maslahatchisi

E.Murodullayev

2015-2024 © Ургут туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM
95x15